omnarc docs
Kirish Yuklab olish
Hujjatlar / Boshlash / Ko‘p beriladigan savollar

Ko‘p beriladigan savollar

Omnarc haqida eng ko‘p so‘raladigan savollarga qisqa javoblar — u nima, narxi qancha, qaysi qurilmalarda ishlaydi, ma’lumotlaringiz qayerda qoladi.

For everyone4 daqiqada o‘qiladi23 Nov 2026 da yangilangan

Omnarc nima?

Omnarc — telefon, noutbuk va kompyuteringizni birlashtirib, ulardan bitta shaxsiy sun’iy intellekt yordamchisi yasaydigan ilova. Har bir qurilma katta modelning bir bo‘lagini o‘z zimmasiga oladi, shuning uchun qurilmalar birgalikda bittasiga sig‘maydigan modelni ham ishlata oladi. Omnarc O‘zbekistonda yaratilgan (omnarc.uz). Uning Omnara nomli boshqa dastur bilan aloqasi yo‘q.

Pullikmi?

Uyda, o‘z qurilmalaringizda — bepul. Ro‘yxatdan o‘tish ham, obuna ham shart emas. Kredit faqat Omnarc Global (kattaroq ochiq klasterlar) va dasturchilar API’si uchun kerak. Tashkilotlar esa har bir qurilma uchun litsenziya oladi. Batafsil: Narxlar.

Qaysi qurilmalarda ishlaydi?

Windows, Linux va Android’da. Kompyuterda videokarta bo‘lsa, Omnarc undan foydalanadi (NVIDIA, AMD, Intel — Vulkan orqali). Videokarta bo‘lmasa, protsessorda ishlaydi. Telefon esa faqat quvvatlanayotgan, Wi-Fi’ga ulangan, qizib ketmagan va siz ishlatmayotgan paytda yordam beradi.

Internet kerakmi?

Yo‘q. Uyda internet o‘chiq bo‘lsa ham ishlayveradi: qurilmalar bir-birini uy tarmog‘ida o‘zi topadi. Boshqa tarmoqdagi qurilma esa vositachi server (relay) orqali ulanadi, ma’lumot shifrlangan holda o‘tadi.

Ma’lumotlarim tashqariga chiqib ketmaydimi?

Yo‘q. Savol va javoblaringiz o‘z qurilmalaringizda qoladi. Yangi qurilma faqat siz ikkala ekrandagi bir xil to‘rtta belgini tasdiqlaganingizdan keyin qo‘shiladi. Har bir yangilanish raqamli imzo bilan keladi. Nima yuborilishi va nima imzolanishi Ishonch markazi sahifasida aniq yozilgan.

Qaysi modellar bilan ishlaydi?

«Mixture-of-experts» (MoE) turidagi ochiq modellar bilan. Bunday model katta bo‘lsa ham, har bir so‘z uchun uning faqat kichik qismi ishlaydi — shuning uchun noutbuk va telefon ham bemalol ulguradi. Masalan: Qwen3 30B-A3B, Qwen3 Coder 30B-A3B, GLM-4.7 Flash va Qwen3 235B-A22B. Batafsil: Modellar.

Qanchalik tez ishlaydi?

Tezlik har bir qurilmaning kuchiga va ular orasidagi aloqaga bog‘liq; Omnarc har qurilmani o‘zi o‘lchaydi. Bir sinovimizda arzon noutbuk, eski telefon va uzoqdagi server birgalikda 8,3 GB lik GLM-4.7-Flash modelini ishlatdi. Bu model ularning hech biriga alohida sig‘maydi. Natija: modelni yolg‘iz ko‘tara oladigan yagona qurilmadan 4,5 barobar, shu qurilmalardagi llama.cpp RPC’dan 13 barobar tezroq. Modelni bo‘lib ishlatish javob sifatiga deyarli ta’sir qilmadi (−0,0015 %).

Ochig‘ini aytamiz: qurilma qo‘shsangiz, kattaroq model ishlatish imkoni paydo bo‘ladi. Lekin kichik modelni bitta kuchli videokartadan tezroq ishlatib bermaydi. Barcha o‘lchovlar: O‘lchovlar.

Kompyuterim sekinlashib qolmaydimi?

Deyarli yo‘q. O‘lchovimizda Omnarc ishlab turganda kompyuter egasining o‘z ishi atigi 6 % sekinlashdi. Siz kompyuterdan foydalana boshlashingiz bilan Omnarc o‘zi orqaga chekinadi.

ChatGPT’dan nimasi bilan farq qiladi?

ChatGPT kabi bulut xizmatlari tezroq va eng katta modellarga ega. Lekin yozganlaringiz ularning serverlariga ketadi, internet shart va yaxshi modellar pullik obuna bilan. Omnarc’da esa yozganlaringiz qurilmangizda qoladi, internetsiz ishlaydi va uyda bepul. Batafsil: Taqqoslash.

Ollama yoki LM Studio’dan farqi nima?

Ular modelni bitta kompyuterda ishlatadi. Omnarc esa bitta modelni bir nechta qurilmaga bo‘lib beradi, shuning uchun qurilmalar birgalikda bittasiga sig‘maydigan modelni ham ishlata oladi. API ham xuddi ulardagidek: OpenAI, Anthropic va Ollama formatida — ular uchun yozilgan dastur o‘zgarishsiz ishlaydi. Batafsil: API.

Tashkilotlar foydalana oladimi?

Ha. Omnarc for organizations tashkilotning o‘z kompyuterlarida, o‘z tarmog‘ida ishlaydi. Bitta litsenziya fayli kifoya, ro‘yxatdan o‘tish kerak emas, ma’lumotlar binodan tashqariga chiqmaydi. Batafsil: Tashkilotlar.

Omnarc’ning kodi ochiqmi?

Hozir yo‘q. Dastlabki versiyalari (2026-yil oktabrgacha) GitHubda ochiq turibdi. Bugungi ilovalar bepul, lekin kodi yopiq. O‘zingiz tekshira oladigan narsalar: ilova nimani yuboradi va nimani imzolaydi (Ishonch markazi), qanday API beradi va har bir o‘lchov — qaysi qurilmada, qaysi versiyada va qaysi buyruq bilan qilingani.

© 2026 Omnarc Barcha tizimlar ishlayapti